четверг, 23 апреля 2015 г.

Oliy ta'lim 2 yoxud piyoz necha pul?

Maktabga boramiz. Tugatib kollej yoki litseyga. Qo’limizdan kelsa institutga kirib, oliy (!!!) ma’lumotli bo’lamiz. Bu bilimlarimiz xayotda moddiy tomondan qiynalmasligimiz uchun zamin yaratadi, bizning doim ko’makchimiz bo’ladi. Lekin bu bilimlarimiz hayot beradigan saboqlar oldida, hech narsa emas. Hayotning o’zi bizga ham murabbiy, ham dars vazifasini o’taydi. Ba’zida inson qilgan hatolardan vaqtida xulosa chiqaradi, ba’zida esa bunga ulgurmaydi (bahona qiladi). ("Oliy ta'lim"dan olindi.)

Sevgi

Bir kishiga  yoqib qolibman. Qo'yarda qo'ymay raqamimni oldi. Bir necha kunda beri telefonda xabar yozishamiz. Bir-birimizni so'zsiz tushunayotganga o'xshaymiz. 

   To'yga bordim. Sinfdoshimning to'yiga. Maktabda ham juda chiroyli kiyimlarni kiyib, sipogina yurgan sinfdoshimiz bugun ham malikalardek chiroyli bo'lib o'tirar edi, lekin to'yxonada odamlar huddi ko'chadan yig'ilib kelgan begonalardek. Quda-andalar ham bir-biri bilan sovuqqina ko'rishishdi. Men to'yxonada o'tirgandek emas, balki kimningdir a'zasida o'tirgan his qildim o'zimni. Kelin va kuyovga zimdan boshqatdan kuzatishga harakat qildim. Endi sinfdosh dugonam to'ylarda kuzatiladigan kelinlarning ibosini ko'rsatish uchun uyalibgina o'tirgandek emas, balki afsuslanib o'tirgandek tuyuldi. Kuyov ham do'stlari bilan "yarimta" ni ichish bilan ovora.  
     Maktabni bitirganimizga ko'p bo'lgani tufayli dugonamning hayoti va turmush o'rtog'i haqida hech narsa bilmas edim. Yonimdagi qo'shnimning dugonasi bu to'yning sababi, va "sababchi"lari haqida gapirib berdi. Uning gaplariga ko'ra Aziza (sinfdosh dugonam) ropa-rosa yigirma besh kun oldin kuyov bola bilan tanishib qolganini, ular boshida telefonda gaplashib yurishib, sevgi hikoyalari telefondan haqiqiy hayotdagi uchrashuvlarga o'tganini, to'ydan bir xafta oldin esa "sevishganlar"ning uchrashuvlari ancha cho'zilib ketganini bilib oldim. Voqeaning "natijasi"da bugungi to'y yuzaga kelgan ekan. 
  Men endi hamma narsaga tushunayotgan edim. To'yxonaning shovqini ham mening hayollarimga halaqit bera olmadi. Nahotki... biz qizlar juda ham ishonuvchan, yengil o'ylaydigan bo'lib ketayapmiz. Nahotki bizning azamat yigitlarimiz bir oniy hirsni bir umrlik isnod-u sharmandalikka almashayapdi. Qanday uyga qaytganimni bilmayman. 

"Meni so'zsiz tushunayotgan" yigitni "javobini berdim". Raqamimni almashtirdim. 
  

Prezident stipendiyasi sohibi  yoxud piyoz necha pul?

Men o'qiyotgan institut talabasiga juda ham havas qilaman, unga o'xshashni juda xohlar edim. 

    Orzu qilish insonni harakat qilishga, jo'shib yashashga o'rgatadi. Inson orzu qilar ekan, o'zini esdan chiqarib hayolidagi boshqa bir insonga aylanib qolishni juda xohlaydi. Abituriyentlik yillarimda dars qilishga ham, bolalar bilan tashqarida futbol o'ynashga ham, televizor ko'rishga ham ulgurar edim. Uxlashni yomon ko'rar edim.
    Kunlarning birida mahalliy televizion kanallarning birida men kirishni xohlagan institut talabasi haqida so'z borar edi: "Bugungi qahramonimiz yigirmadan ortiq maqolalar muallifi, talaba bo'lishiga qaramay turli metodik qo'llanmalarni nashr qilishga ham ulgurgan. Institutdagi hamma baholari ham a'lo. Hozirgi kunda institutda to'garak ochib, o'zi qatori ilmiy ishlarga qiziqishi yuqori bo'lgan iste'dodli bolalarni jamlab, ularga yo'l yo'riq ko'rsatmoqda.       Hukumatimiz mazkur iqtidorli talabani yurtimizdagi eng nomdor stipendiya "Prezident"stipendiyasi bilan taqdirladi". 
   Mendan atigi uch yosh katta, lekin hayotdagi yutuqlari uch chandon ko'p g'oyibona "ustoz"imga juda ham havas qildim. Televizor ko'rishni kamaytirdim. Futbol o'ynashga chaqirgan do'stlarim ham ajoyib hujumchisidan ayrilishdi.
Avgust oylarining o'rtalarida talaba bo'lganimni eshitib juda ham hursand bo'ldim. Bir chekkada yig'lab ham oldim. Endi "qanday o'qishga kirsam ekan?" degan savol "qanday shartnoma pulini to'lasam ekan?"ga o'zgardi. Yo'lini topdim.
   Ertalab juda erta uyg'onib bozorga borar edim. Tong yorishmasdan bozorga oshiqqan dehqonlarning yuklarini olib, "maydalab" darslarim boshlanguncha yuz so'm qimmatiga sotar edim. Inson harakat qilsa hamma narsaga erishar ekan. Darslarim tugagach kutubxonada vaqtimni o'tkazar edim. Turli to'garaklarga a'zo bo'lib, institutga diplom olish uchun emas, o'qish uchun kelganimni isbotlamoqchi bo'lar edim. Institut e'tiboridagi, e'tirofidagi talabaga aylandim. 
    Turli to'garaklarda o'zimni idealimdagi talabaning fikrlarini eshitib, unga o'xshashga harakat qilar edim. Uchinchi kursning boshlarida isntitut hodimlari menga yanggi to'garak tashkil qilib berishishlarini, men esa u to'garakda talabalarni hayotga, o'qishga qiziqishlarini o'stirishga harakat qilishim kerakligini aytishdi. Men esa bajonidil rozi bo'ldim. 
    Hayotdagi erishayotgan yutuqlarimdan, Olloh "bozorimni berib" shartnomani vaqtida to'layotganimdan juda ham hursand edim. 
Ertalab har doimgidek bozorda savdo qilayotganimda ikki kilo olma berishimni iltimos qilib turgan kishi men o'sha o'xshashga harakat qilayotgan kishi ekanligini ko'rib nima qilishni bilmay qoldim. O'zimning qilayotgan ishim noto'g'ri bo'lmasada, qilayotgan ishimdan hijolat bo'ldim. U esa beparvo savdosini oxiriga yetkazdi.  Men ham o'z ishimda davom etdim. 
    Ikki-uch kundan so'ng institutda juda ham mashhur bo'lishga ulgurgan to'garagimning navbatdagi muzorasiga institutning turli yo'nalishda o'qiydigan juda ham ko'p talabalari tashrif buyurdi. Odamlar ko'p yig'ilayotganidan xabar topgan, "stipendiant" ham tashrif buyurdi. Muhokama avjida. Hamma berilgan mavzu yuzasidan o'z fikrlarini bildirayapdi. Mendan uzoqroqda o'tirgan "idealim" menga qarab, hammaga eshitiladigan qilib: "Bozorda piyoz necha pul?", degan o'rinsiz, ayni damda menga nisbatan haqoratomuz savol bilan yuzlandi. U yerda ikkimizdan boshqa hech kim hech narsani tushunmagani aniq edi. Men o'zimdan nafratlandim. Yo'q, yo'q, men bozorda pul topib, oliygohda o'qiyotganimdan emas, balki o'zini yuqori tutib, insonlarni "qo'l uchida ko'radigan" insonni o'zimning idealim deb unga o'xshashga harakat qilib yurganimdan afsuslandim.