четверг, 23 апреля 2015 г.

Oliy ta'lim 2 yoxud piyoz necha pul?

Maktabga boramiz. Tugatib kollej yoki litseyga. Qo’limizdan kelsa institutga kirib, oliy (!!!) ma’lumotli bo’lamiz. Bu bilimlarimiz xayotda moddiy tomondan qiynalmasligimiz uchun zamin yaratadi, bizning doim ko’makchimiz bo’ladi. Lekin bu bilimlarimiz hayot beradigan saboqlar oldida, hech narsa emas. Hayotning o’zi bizga ham murabbiy, ham dars vazifasini o’taydi. Ba’zida inson qilgan hatolardan vaqtida xulosa chiqaradi, ba’zida esa bunga ulgurmaydi (bahona qiladi). ("Oliy ta'lim"dan olindi.)

Sevgi

Bir kishiga  yoqib qolibman. Qo'yarda qo'ymay raqamimni oldi. Bir necha kunda beri telefonda xabar yozishamiz. Bir-birimizni so'zsiz tushunayotganga o'xshaymiz. 

   To'yga bordim. Sinfdoshimning to'yiga. Maktabda ham juda chiroyli kiyimlarni kiyib, sipogina yurgan sinfdoshimiz bugun ham malikalardek chiroyli bo'lib o'tirar edi, lekin to'yxonada odamlar huddi ko'chadan yig'ilib kelgan begonalardek. Quda-andalar ham bir-biri bilan sovuqqina ko'rishishdi. Men to'yxonada o'tirgandek emas, balki kimningdir a'zasida o'tirgan his qildim o'zimni. Kelin va kuyovga zimdan boshqatdan kuzatishga harakat qildim. Endi sinfdosh dugonam to'ylarda kuzatiladigan kelinlarning ibosini ko'rsatish uchun uyalibgina o'tirgandek emas, balki afsuslanib o'tirgandek tuyuldi. Kuyov ham do'stlari bilan "yarimta" ni ichish bilan ovora.  
     Maktabni bitirganimizga ko'p bo'lgani tufayli dugonamning hayoti va turmush o'rtog'i haqida hech narsa bilmas edim. Yonimdagi qo'shnimning dugonasi bu to'yning sababi, va "sababchi"lari haqida gapirib berdi. Uning gaplariga ko'ra Aziza (sinfdosh dugonam) ropa-rosa yigirma besh kun oldin kuyov bola bilan tanishib qolganini, ular boshida telefonda gaplashib yurishib, sevgi hikoyalari telefondan haqiqiy hayotdagi uchrashuvlarga o'tganini, to'ydan bir xafta oldin esa "sevishganlar"ning uchrashuvlari ancha cho'zilib ketganini bilib oldim. Voqeaning "natijasi"da bugungi to'y yuzaga kelgan ekan. 
  Men endi hamma narsaga tushunayotgan edim. To'yxonaning shovqini ham mening hayollarimga halaqit bera olmadi. Nahotki... biz qizlar juda ham ishonuvchan, yengil o'ylaydigan bo'lib ketayapmiz. Nahotki bizning azamat yigitlarimiz bir oniy hirsni bir umrlik isnod-u sharmandalikka almashayapdi. Qanday uyga qaytganimni bilmayman. 

"Meni so'zsiz tushunayotgan" yigitni "javobini berdim". Raqamimni almashtirdim. 
  

Prezident stipendiyasi sohibi  yoxud piyoz necha pul?

Men o'qiyotgan institut talabasiga juda ham havas qilaman, unga o'xshashni juda xohlar edim. 

    Orzu qilish insonni harakat qilishga, jo'shib yashashga o'rgatadi. Inson orzu qilar ekan, o'zini esdan chiqarib hayolidagi boshqa bir insonga aylanib qolishni juda xohlaydi. Abituriyentlik yillarimda dars qilishga ham, bolalar bilan tashqarida futbol o'ynashga ham, televizor ko'rishga ham ulgurar edim. Uxlashni yomon ko'rar edim.
    Kunlarning birida mahalliy televizion kanallarning birida men kirishni xohlagan institut talabasi haqida so'z borar edi: "Bugungi qahramonimiz yigirmadan ortiq maqolalar muallifi, talaba bo'lishiga qaramay turli metodik qo'llanmalarni nashr qilishga ham ulgurgan. Institutdagi hamma baholari ham a'lo. Hozirgi kunda institutda to'garak ochib, o'zi qatori ilmiy ishlarga qiziqishi yuqori bo'lgan iste'dodli bolalarni jamlab, ularga yo'l yo'riq ko'rsatmoqda.       Hukumatimiz mazkur iqtidorli talabani yurtimizdagi eng nomdor stipendiya "Prezident"stipendiyasi bilan taqdirladi". 
   Mendan atigi uch yosh katta, lekin hayotdagi yutuqlari uch chandon ko'p g'oyibona "ustoz"imga juda ham havas qildim. Televizor ko'rishni kamaytirdim. Futbol o'ynashga chaqirgan do'stlarim ham ajoyib hujumchisidan ayrilishdi.
Avgust oylarining o'rtalarida talaba bo'lganimni eshitib juda ham hursand bo'ldim. Bir chekkada yig'lab ham oldim. Endi "qanday o'qishga kirsam ekan?" degan savol "qanday shartnoma pulini to'lasam ekan?"ga o'zgardi. Yo'lini topdim.
   Ertalab juda erta uyg'onib bozorga borar edim. Tong yorishmasdan bozorga oshiqqan dehqonlarning yuklarini olib, "maydalab" darslarim boshlanguncha yuz so'm qimmatiga sotar edim. Inson harakat qilsa hamma narsaga erishar ekan. Darslarim tugagach kutubxonada vaqtimni o'tkazar edim. Turli to'garaklarga a'zo bo'lib, institutga diplom olish uchun emas, o'qish uchun kelganimni isbotlamoqchi bo'lar edim. Institut e'tiboridagi, e'tirofidagi talabaga aylandim. 
    Turli to'garaklarda o'zimni idealimdagi talabaning fikrlarini eshitib, unga o'xshashga harakat qilar edim. Uchinchi kursning boshlarida isntitut hodimlari menga yanggi to'garak tashkil qilib berishishlarini, men esa u to'garakda talabalarni hayotga, o'qishga qiziqishlarini o'stirishga harakat qilishim kerakligini aytishdi. Men esa bajonidil rozi bo'ldim. 
    Hayotdagi erishayotgan yutuqlarimdan, Olloh "bozorimni berib" shartnomani vaqtida to'layotganimdan juda ham hursand edim. 
Ertalab har doimgidek bozorda savdo qilayotganimda ikki kilo olma berishimni iltimos qilib turgan kishi men o'sha o'xshashga harakat qilayotgan kishi ekanligini ko'rib nima qilishni bilmay qoldim. O'zimning qilayotgan ishim noto'g'ri bo'lmasada, qilayotgan ishimdan hijolat bo'ldim. U esa beparvo savdosini oxiriga yetkazdi.  Men ham o'z ishimda davom etdim. 
    Ikki-uch kundan so'ng institutda juda ham mashhur bo'lishga ulgurgan to'garagimning navbatdagi muzorasiga institutning turli yo'nalishda o'qiydigan juda ham ko'p talabalari tashrif buyurdi. Odamlar ko'p yig'ilayotganidan xabar topgan, "stipendiant" ham tashrif buyurdi. Muhokama avjida. Hamma berilgan mavzu yuzasidan o'z fikrlarini bildirayapdi. Mendan uzoqroqda o'tirgan "idealim" menga qarab, hammaga eshitiladigan qilib: "Bozorda piyoz necha pul?", degan o'rinsiz, ayni damda menga nisbatan haqoratomuz savol bilan yuzlandi. U yerda ikkimizdan boshqa hech kim hech narsani tushunmagani aniq edi. Men o'zimdan nafratlandim. Yo'q, yo'q, men bozorda pul topib, oliygohda o'qiyotganimdan emas, balki o'zini yuqori tutib, insonlarni "qo'l uchida ko'radigan" insonni o'zimning idealim deb unga o'xshashga harakat qilib yurganimdan afsuslandim. 






среда, 25 марта 2015 г.

Oliy ta'lim


       Maktabga boramiz. Tugatib kollej yoki litseyga. Qo’limizdan kelsa institutga kirib, oliy (!!!) ma’lumotli bo’lamiz. Bu bilimlarimiz xayotda moddiy tomondan qiynalmasligimiz uchun zamin yaratadi, bizning doim ko’makchimiz bo’ladi. Lekin bu bilimlarimiz hayot beradigan saboqlar oldida, hech narsa emas. Hayotning o’zi bizga ham murabbiy, ham dars vazifasini o’taydi. Ba’zida inson qilgan hatolardan vaqtida xulosa chiqaradi, ba’zida esa bunga ulgurmaydi (bahona qiladi).
Hayotning boshqa o’quv maskanlaridan farqi, u ma’lum bir vaqtni belgilab o’sha vaqtda kelishni so’ramaydi, har kuni baho qo’ymaydi, sizdan uy ishi so’ramaydi. Bu “o’quv maskan”i faqat qo’ng’iroq chaladi. Uni eshitish yo anglash sizning qo’lingizda. Bahoni esa o’zingiz o’zingiz uchun qo’yasiz.

Qo’shnim

Chet davlatlarning birida qo’shnisining mashinasi darvozasi yonidagi haykalni sindirgani uchun qo’shnisini otib tashlabdi.

      Do’stimiz bilan devorimiz bir. Bobolarimiz aka-uka tutinganlar ekan. Vaqtlar o’tib, hayotning taqozosi bilan (xotinlarning janjali) devor tortilgan. Yon qo’shnim bo’lgani bilan uyiga kirib bir piyola choy ichganimni, to’y-marakalarida hizmat qilganimni eslashga qiynalardim.
Kunlarning birida, ishdan kelsam, qo’shnimning iti hovlimizning hamma joyini rasvo qilibdi. Mushukni quvlaganda. Qanday kirganini hech kim bilmaydi. Ishdan charchab kelganimga jahlim ham tez chiqdi. Qo’shnimni uyiga kirib bordimda, tilimga kelgan hamma gapni aytdim. Aybi bor odamda. Hech narsa demadi.  
        Uyimga qaytdim. Shuncha jahl qilib, yon qo’shnimni so’kib, kerilib qaytdim, huddi erkakligimni ko’rsatib qo’ygandek. Kech tushdi. Televizorda boyagi xabarni eshitdim. Kechasi bilan o’yladim. Uxlolmadim. Millatimizga xos qo’shnichilik an’analari, qolaversa, odamiylikni chetga surib qilgan ishimdan jahlim chiqdi. Erta tong mashinamni qo’shnimning hovlisi tomonga olib bordim. Kechirim so’radim. Ishiga olib borib qo’ydim. Ko’nglim tinchidi.
     Qo’shnimning “gul”dek qizini kelin qildim.


Singlim

Arab davlatlarining birida mukkasidan ketgan “qumorboz” aka singlisini o’yinda yutqazib qo’yibdi.....

        Tug’ilgan kunga bordim. Ko’pchilik kelibdi. Men bu tanishimni “do’stim” deb nomlay olmayman. Tanishganimizga uncha ko’p bo’lmagan (men uchun to’rt oy kam). O’tirdik, Tort yedik. Dasturxon yig’ishtirildi. O’ntacha boladan faqat men nima bo’layotganini bilmadim, nazarimda. Hamma chiroyli bo’lib joylashdi. Hamma qatori men ham vaziyatga tushunmay o’rnimni egalladim. “Chaqaloq” qo’lida yangi karta bilan kirib keldi. Hamma mingtalikni chiqarib qo’ydi. “Men o’ynamayman,”-hech kim so’ramasa ham javob berdim. O’yin avjida, men tomoshabin. Shayton yo’ldan urdimi, yoki zerikkanim uchunmi, o’ynagim keldi. Cho’ntagimdan bitta “mingtalik”ni oldim-da, “Biznesmen” larga qo’shildim. To’rt marta o’ynadimda, piyoda ketmaslik uchun oxirgi “mingtalik”ni o’yinga tikmadim. Chetga chiqib, yutqizganim alam qilganini sezdim. Yana zerikishni boshladim. Internetga “kirdim”. Ijtimoiy tarmoqlarning birida “qimorboz” haqida o’qidim.  G’alati hislarni tuydim. Qilgan ishimning oxiri qayerga olib borishi mumkinligi haqida o’yladim. Oxirgi pulimni sarflab uyga yetib oldim. Singlim eshikni ochdi: “Akajon, choy tayyor, sovib qolmasin”.
Ro’zg’orimdan ortgan pullarni yig’ib singlimning tug’ilgan kuniga katta sovg’a oldim.



Do’stim

Bir kishi do’stining onasini davolatish uchun uyini sotibdi...

           Futbolga juda qiziqaman. Ba’zida ishimni qo’yib futbol o’yiniga oshiqaman.
Bolalar yig’ildik. O’sha hammamizga tanish stadionda ikki jamoaga bo’linib o’ynamoqdamiz. Do’stim jamolardan birida odam kamligi uchun endigina sakkizinchi sinfda o’qiy boshlagan ukasini ham o’yinga qo’shdi. Havo ham “futbolbop”! Biz hujum uyushtirayotganda behosdan jamoadoshlarimdan biri do’stimning ukasini ustiga yiqildi. U yura olmadi. Shifoxonaga olib borganimizda, oyog’i singanini aytishdi. Biz indamay uyga qaytdik. Hech kimning hayoliga kech bo’lgani-yu, uyga qaytish kerakligidan boshqa hech narsa kelmadi. Ovqatlanib o’tirganimizda onajonim qo’shni mahalladagi bir kishining do’stiga yordam berish maqsadida uyini sotganini aytib qoldi (do’stining onasini davolatish uchun).
Hayolimga do’stim va uning ukasi keldi. Nahotki, ichimizdan birontamiz unga yordam kerakmi yoki yo’q ekanligini so’ramaganimizga hayron qoldim.  Qo’limdagi uyali aloqa vositasini oldim-da, unga qo’ng’iroq qildim. U hali ham kasalxonada ekan. Onajonimga bo’lgan voqeani aytdim. Bir pasdan so’ng onam ovqat solingan banka idish, ikkita issiq non hamda bir dasta pul berib: “Do’stingni xolini so’rab kelgin,”-dedilar.
Do’stim qo’limdagi pulni ko’rib juda ham hursand bo’ldi. Qo’limdagi pulni o’zinikiga qo’shib dorixonaga yugurdi.


Onajonim

Onasini bir kungina yolg’iz qoldirgan o’g’il radio orqali onasiga salom yo’lladi.

        Litseyni bitirib, institutni tanlash vaqti yetganida poytaxtga kirmoqchiligimni aytdim. Ota-onam ixtiyorim o’zimdaligini aytishdi. Xursand bo’ldim. Imtihonlar javobi chiqganida mendan baxtli odam yo’q edi, nazarimda. Yillar o’tib, yoshligimda olgan bilimlarim va sa’y-harakatlarim natijasida institutni a’lo baholar bilan bitirdim. O’sha yerda ishda olib qolishmoqchi bo’lishdi. Otamga qo’ng’iroq qildim. Otam hursand bo’ldilar. Telefondan onamlarning: “Shu yerda ko’z o’ngimizda ish topilib qolar, qayta qolsin,”-degan gaplari eshitildi. Men esa xursandligimdan onamning gaplarini eshitmaganlikka oldim.
                O’sha o’zimga yoqgan ishda ishlab yurgan kunlarimdan biri. Kech bo’ldi. Ishimni tugatib ko’chaga chiqdim. Aftobuslar ko’rinmaydi. “Taksi” ni to’xtatib, manzilni aytdim. Mashinada radio ovozlari eshitilib turar edi. “Kimga salom yo’llaysiz?”-degan radio suhandoniga bir kishi quyidagi gaplar bilan javob berdi: “Men kecha hizmat safariga kelgan edim. Onajonim bilan gaplashishni ilojini topa olmayapman. Sizlarning radiolaringizni doim eshitadilar. Onajon, zerikmay utiring. Ertaga kechgacha men qaytaman. Siz yoqtirgan Samarqand nonini olib boraman. Rahmat sizlarga ham.” Haydovchining gapigina meni xayollarimning daryosidan yana hayotga qaytardi. Uyga borib boyagi “daryoda yana cho’mildim”. Ikki oy oldin yangi yilda qo’ng’iroq qilganim-u, olti oy oldin  uyimga (unda ham hizmat taqozosi bilan) borganimni esladim. Qo’ng’iroq qilaymi? Yo’q. Yaxshisi borib kelaman. Erta tongdan yo’lga tushdim. Oyim yoqtirgan shirinliklarni oldim. Borganimda uydan hech kimni topmadim. Qo’shnilardan onamning betobligini, hamma shifoxonada ekanini eshitdim. Dadam onamning hech narsadan hech narsa birdan og’irlashganini aytdilar... 
Men hayotimda bo'lgan barcha sinovlarni esladim. Meni hayot o'zgartirdi. Men "u" ning darslaridan odamiylik, burch, vazifa, shayton, xudbinlik, nafs, bemehrlilik va boshqa tushunchalarni anglab yetdim. 
  Balkim menga bergan darslarni hammasini vaqtida o'zlashtirmaganim uchun shu ahvolga tushgandirman, balkim qaysidir darsda be'etibor bo'lgandirman. Balkim bu dars keyinroqqa surilgandir. Mening nazarimda, bu dars mana shu onamning betoblikda o'tgan to'rt kun davomida berildi.
Men shu to'rt kunda eng muhim narsalardan yana birini o'rgandim.


    Uch-to’rt kundan so’ng olib kelgan shirinliklarim dasturxonga tortildi...
     Ishxonadan qo’ng’iroq qilib ishga “sovuqqonlik’ bilan qaraganim uchun hayfsan e’lon qilishganini aytishdi. Men esa bo’shashimni aytdim.
   Hozir mahallamizdan uncha uzoq bo’lmagan firmada ish boshqaruvchiman. Har kuni erta tongda onam duosi bilan ishga borayapman.